O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ichki ishlar xodimlarini video va fotosuratga olishga taqiq o‘rnatilmagan. Bu haqda “Ekonomicheskoye obozreniye” jurnalining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan savol-javobiga asoslanib “Anhor.uz” xabar qildi.
Inspektor transport vositasini to‘xtatganidan keyin haydovchi u bilan suhbatni keyinroq sudga taqdim etish ehtimoli bilan videoga olishga ruxsat etilgan yoki etilmaganligi haqidagi savolga yuqoridagi javob qaytarilgan.
Qayd etilishicha, yo‘l-patrul xizmati inspektori O‘zbekiston Respublikasi uchun strategik ahamiyatga ega obyektlar yaqinida xizmat qilayotgan bo‘lsa, suratga olishni to‘xtatishni talab qilish huquqiga ega. Bunda u suratga olish taqiqlanganligining sabab va asoslarini tushuntirib berishi lozim.
Bundan tashqari, istalgan fuqaro, jumladan ichki ishlar organlari xodimi ham o‘z suratini himoya qilish bo‘yicha fuqarolik huquqi buzilgan holda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
Izoh (0)