“Bunyodkor” – “Al Jazira” o‘yinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida maydon egalari bosh murabbiyi Sergey Lushan qatnashdi. “Bunyodkor” stadioni matbuot anjumanlari zaliga “qaldirg‘ochlar” bosh murabbiyi uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan Sardor Rashidov bilan tashrif buyurishdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“Bizda inoq jamoa jamlangan. Bugun shogirdlarim yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi va oldimizda turgan vazifani uddaladik. Bundan xursandmiz. Kamchiliklarimiz yetarlicha topiladi va endilikda ushbu kamchiliklar ustida ishlashda davom etamiz”, − deya o‘z so‘zini boshladi Sergey Lushan.
− Samir Bekrichni zaxirada qoldirganingiz nima bilan bog‘liq? Bu o‘ziga xos “syurpriz” edimi raqib uchun?
− Bundan to‘rt kun avval Samir shamollab qolgandi. Shu bois bugun Bekrich asosiy tarkibga kiritilmadi. Umuman olganda, jamoamizda katta raqobat mavjud.
− Siz qaysi pozitsiyasida o‘zingizni yaxshi his qilasiz?
Sardor Rashidov: Ko‘proq hujum chizig‘i va o‘ng qanotda o‘zimni yengil his qilaman. Murabbiy qayerda qo‘ysa o‘sha yerda o‘z vazifamni bajarishga harakat qilaman.
− Sardor, sizga ko‘plab jamoalardan bir qator takliflar tushmoqda. Kelajakda qanday yo‘l tutmoqchisiz? “Bunyodkor”da qolasizmi?
Sardor Rashidov: O‘zimni niyatim jamoada qolib “Bunyodkor”ga yordam berish. Hozir boshqa takliflar haqida o‘ylayotganim yo‘q.
Sergey Lushan: Sardor bilan 2 yillik shartnomamiz mavjud. Uni sotib olmoqchi bo‘lgan jamoalar rasman taklif bilan chiqishlari shart. Shunchaki gap-so‘zlar hech narsani hal etmaydi.
Izoh (0)