AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (YuSAID) AgLinks Plus loyihasi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy-tadqiqot institutiga qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘qimasiga oid O‘zbekistonda yagona bo‘lgan zamonaviy ko‘paytirish laboratoriyasini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “12news.uz”.
Tadbirni elchi Spratlen tabrik so‘zi bilan ochdi va O‘zbekiston hukumati vakillari bilan laboratoriya binosini ko‘zdan kechirdi. Yilning ma’lum bir vaqtidagina faoliyat olib boradigan an’anaviy ko‘chatzorlardan farqli o‘laroq, ushbu yangi texnologiya yordamida haftasiga taxminan 5000 ta virussiz va tuzga chidamli danakli va urug‘li mevali ekinlar yetishtirish imkoni mavjud. Ekinlar to‘qimasiga ixtisoslashgan bu laboratoriyada yil bo‘yi ko‘chatlar o‘stirish mumkin.
Mazkur laboratoriyaning qiymati 300 ming dollar bo‘lib, institut laboratoriya sharoitida olingan ko‘chatlarni sotish orqali yiliga kamida 100 ming dollar foyda olish imkoniga ega. Laboratoriyada o‘zbek fermerlari uchun arzonroq narxdagi yaxshiroq ko‘chatlar yetishtiriladi. Uning ochilish marosimida 50 nafardan ortiq ishtirokchilar, jumladan hukumat vakillari, xususiy ko‘chatzor egalari va Toshkent qishloq xo‘jaligi universiteti talabalari qatnashdi.
Izoh (0)