“Bunyodkor” – “Al Jazira” o‘yinidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar ustozi Erik Gerets ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
“O‘yin juda yaxshi va tomoshabop kechdi. “Bunyodkor” juda kuchli raqib hisoblanadi. Birinchi bo‘limda to‘pni ko‘proq o‘z nazoratimizni ushlab turishni istadik. Ikkinchi bo‘limda esa hujumkor futbol namoyish etishga harakat qildik. Qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatni ko‘rib chiqishni istardik. Menimcha, bu vaziyatda hakam noto‘g‘ri qaror qabul qildi. Ularni darvozaboniga ham penalti bo‘lgan vaziyatda qizil kartochka ko‘rsatilishi kerak edi”, − deya o‘z so‘zlarini boshladi Erik Gerets.
− Kecha “Bunyodkor” futbolchilarini alohida ta’kidlab o‘tishni istamagandingiz. Endi o‘yindan so‘ng o‘zizga manzur bo‘lgan futbolchilarni ismini ayta olasizmi?
− Raqib bugun jamoaviy o‘yin ko‘rsatdi. Bu yerda birdamlik ko‘proq ish berdi. Shu bois raqibni kuchli jamoa sifatida ayta olaman. Hech kimni ajratib ko‘rsatmoqchi emasman.
− Bugun “Al Jazira” negadir o‘z darajasida o‘ynay olmadi?
− O‘ylashimcha, yomon o‘yin ko‘rsatmadik. Birinchi va ikkinchi bo‘limda ham futbolchilarim yaxshi harakat qilishdi.
− Mirko Vuchinich bugun nafaqat asosiy tarkibda, balki o‘yin qaydnomasidan ham joy olmadi. Buning sababi nimada?
− Vuchinich so‘nggi bir haftada uchta uchrashuv o‘tkazdi. Keyin pasport va vizasi bilan bog‘liq muammo bilan Chernogoriyaga borib kelishiga to‘g‘ri keldi. 14 soat parvoz qilib, Toshkentga yetib keldi. Shu bois unga biroz dam berishni istadim.
Izoh (0)