O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 16-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasining raisi K.Karimov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.Matqurbonov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod N.Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda mamlakatimizda inson manfaatlari eng oliy qadriyat ekani, adolat hayotimizning bosh mezoni, har bir inson uchun adolat tamoyillarini hayotimizga keng joriy etish eng asosiy vazifa ekani ta’kidlangan. Bu borada qonun ustuvorligini ta’minlash, yoshidan, millatidan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, kelib chiqishidan qat’i nazar, barchaga teng imkoniyatlar yaratish, ijtimoiy adolat tamoyillari, fuqarolar huquqlari, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish ustuvor yo‘nalishlar ekaniga alohida e’tibor qaratilgan.
“Ekosan” ekologiya va salomatlik xalqaro xayriya jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktori N.Mirzaburatov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining 3-kurs talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori O.O‘razimbetova, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi U.Seytjonova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik va muqobillik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda huquqiy davlat shakllangani, saylov tizimimiz umume’tirof etilgan xalqaro normalarga to‘la javob berishidan dalolat ekanini ta’kidladi. Nomzodning dasturi xususida fikr-mulohazalarini bildirdi. Saylovchilarni joriy yilning 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)