2015-yilning 14-15-fevral kunlari Jizzax shahridagi “Navro‘zbuloq” poygagohida avtokross bo‘yicha O‘zbekiston kubogi musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, O‘zbekiston milliy avtomobil federatsiyasi, Respublika texnik va amaliy sport turlari markazi, Jizzax viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Toshkent, Namangan, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va mezbon Jizzax viloyatidan jami 10 dan ortiq sport klublari kubok bahslari uchun kurash olib bordi.
Musobaqaning birinchi kunida muxlislar “A-7” hamda “A-8” sinfiga mansub avtomobillar poygalariga guvoh bo‘ldi.
“A-7” rusumli avtomobillar poygasida “Shayxontohur” o‘quv sport texnika klubi vakili Farhod Daminov birinchi, “Jizzax-Bunyodkor” vakili Sarvar Tojiqulov ikkinchi, Jizzax viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi sportchisi Baxtiyor Toshboyev uchinchi o‘rinni egalladi.
“A-8” rusumli avtomobillar bahsida esa toshkentlik Rostislav Belyakov birinchi, yana bir toshkentlik G‘ofir Xuseynov ikkinchi va samarqandlik Jamol Zokirov uchinchi o‘rinlarni band etdi.
15-fevral kungi bahslar biroz noqulay ob-havo sharoitida o‘tdi. Jumladan, yomg‘ir ostida kechgan bahslarda “Baggi” va milliy rusumdagi “Neksiya” avtomobillari maydonga tushdi.
“Baggi” rusumidagi avtomobil haydovchilari o‘rtasidagi bahsda Jizzax viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi sportchilari G‘ayrat Odilov hamda Omon Yo‘ldoshev birinchi va uchinchi o‘rinlarni band etgan bo‘lsa, “Shayxontohur” o‘quv sport texnika klubi vakili Avgust Sechkorenko marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
“Neksiya” rusumidagi avtomobillar musobaqasida Jizzax viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi sportchisi Bekzod Odilov birinchi, “Shayxontohur” o‘quv sport texnika klubi vakili Igor Gaziyans ikkinchi va samarqandlik Ilhom Obidjonov uchinchi bo‘lib keldi.
Umumjamoa hisobida 408 ochko jamg‘argan Jizzax viloyati jamoasi birinchi, 344 ochko to‘plagan Toshkent shahri sportchilari ikkinchi va 265 ochko bilan qashqadaryolik avtosport klubi vakillari uchinchi o‘rinni egalladi.
Bahslar yakunida kuchli uchlikka kirgan O‘zbekiston kubogi ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Izoh (0)