2015-yil 6-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi hamda Davlat soliq qo‘mitasining “To‘lov terminallari bilan jihozlash va aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshirishda ularni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi, deb xabar beradi “Xushnudbek.uz”.
O‘zgarish shundan iborat bo‘ldiki, endilikda savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti rahbari o‘z savdo va xizmat ko‘rsatish obyektiga o‘rnatish uchun to‘lov terminallarini ajratish bo‘yicha yoki o‘zida mavjud bo‘lgan to‘lov terminallariga dasturiy ta’minotni o‘rnatish (bank plastik kartochkalari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshiruvchi tizimga ulanish) yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga elektron tarzda ham murojaat qila olishi mumkin. Avvalgi tahrir bo‘yicha, bunday masalada faqat yozma murojaat qilinar edi.
Shuningdek, oldingi tahrirga ko‘ra, to‘lov terminali texnik yoki dasturiy nosoz holatga kelib qolganda, savdo va xizmat ko‘rsatish obyekti rahbari bu haqda bir kundan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga va xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga yozma ravishda xabar berishi shart edi. Ammo bu amaliyotda tadbirkorlarga ba’zi qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Endilikda yuqoridagi muammo kelib chiqqan taqdirda ham elektron murojaat qilish mumkinligi haqida qoida kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yil 3-dekabr kuni qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, elektron murojaatlarga ham rasmiy maqom berilgan.
Izoh (0)