Ertaga, 17-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga o‘tish o‘yini hisoblangan “Bunyodkor” – “Al-Jazira” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Matbuot anjumanida dastlab mehmonlar bosh murabbiyi belgiyalik mutaxassis Erik Gerets va jamoaning a’zosi Bashir Sayid qatnashdi.
“Ertaga bizni juda muhim o‘yin kutib turibdi, – dedi murabbiy. – Raqiblarimizga hurmat bildirgan holda aytishim kerakki, biz ertaga g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Yana bir narsa: ertangi o‘yin oldidan bevosita o‘yin bo‘ladigan maydonda mashg‘ulot olib borishni umid qilib qolamiz”.
Shundan so‘ng “Al-Jazira” jamoasining yangi a’zosi Bashir Sayid o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: “Ertaga bizni ‘Bunyodkor’ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Raqiblarimiz juda ham kuchli. Ertangi o‘yin oldidan ‘Bunyodkor’ga ham, o‘z jamoamizga ham g‘alaba tilab qolaman”.
Savol: Ayni paytda BAAda milliy chempionat o‘yinlari avjiga chiqqan. Bu holat raqibni yetarlicha o‘rganishga halaqit qilmadimi?
Javob: “Bunyodkor”ning Turkiya yig‘inidagi o‘yinlarini ko‘rdim. Bizda “Bunyodkor” o‘yini tasvirlangan bir qator videoyozuvlar bor. Mening o‘ylashimcha, raqibimiz haqida yetarli ma’lumotga egamiz.
Savol: Ertangi o‘yin noqulay ob-havoda o‘tishi kutilmoqda. Bu narsa jamoa o‘yiniga salbiy ta’sir qilmaydimi?
Javob: Ob-havo har ikki jamoa uchun bir xil bo‘ladi. Shu sababli bu bizga muammo tug‘dirmasligi kerak.
Savol: Pley-off faqat bitta uchrashuvdan iborat. Bu narsa futbolchilarga bosim yuklamaydimi?
Javob: Pley-off bitta uchrashuvdan iboratligi qaysidir ma’noda “Bunyodkor”ga qo‘l kelishi kerak. Chunki ular o‘z maydonida to‘p suradi. Albatta, pley-off o‘yinlari ikkita uchrashuvdan iborat bo‘lsa, yaxshi bo‘lardi. Ammo biz reglamentni hurmat qilamiz.
Savol: “Bunyodkor” tarkibidagi qaysi futbolchilarning nomlarini aytib bera olasiz?
Javob: Biz raqib o‘yinlari videoyozuvini tomosha qildik. Qaysi futbolchi qanday xavf tug‘dirishi mumkinligini yaxshi o‘rgandik. Ammo hozir bu futbolchilarning nomlarini aytmoqchi emasman.
Izoh (0)