13-fevral kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi futbolchi Tohir Shamsiddinov va olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudovga oid jazo choralarini e’lon qilgan edi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Bu yangilikdan O‘zbekiston futbol federatsiysi rasmiy sayti orqali boxabar bo‘lgan barcha koreys bosma va internet nashrlari erta tongda butun Janubiy Koreyaga tarqatdi.
E’tiborlisi shundaki, bu yangilikni nafaqat futbol nashrlari, balki ijtimoiy va iqtisodiy mavzudagi nashrlar ham e’lon qildi. “Sports Kyonghyang”, “Jungang Ilbo”, “E-Tudey”, “Daily Sports”, “Sports Seul”ni kuzatib, koreys OAVlarining O‘FFning jazolaridan o‘ta mamnunligiga guvoh bo‘lish mumkin.
Xususan, nufuzli “Choson Ilbo” nashri shunday yozadi: “Qirol Kubogida bizning Shim Sang Minga qo‘l ko‘tarib noprofessional ish tutgan Tohirjon Shamsiddinovni 1 yil muddatga futboldan chetlatishga qaror qilishdi. Butun dunyodan tanqidlar yomg‘iri ostida qolgan O‘FF, shuningdek, bosh murabbiy Shuhrat Maqsudovni ham ishdan bo‘shatdi. 3-fevral kuni Futbol assotsiyatsiyamiz O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ustidan shikoyat yozgach, O‘FF darhol uzrnoma yuborgan edi”.
Boshqa bir nashr “Seul Economiks” esa: “Koreys futbolchisini urgan o‘zbek ko‘cha jangchisi 1 yilga chetlatildi”, degan sarlavha ostida O‘FF qarori haqida xabar bergan. “Sports Kyonhyang” esa mazkur xabarga “Zo‘ravon o‘zbek futbolchisi va uning ustozini haydashdi”, deya sarlavha qo‘ygan.
Koreys internet nashrlaridagi futbol muxlislari tomonidan qoldirilayotgan mulohazalarga e’tibor qaratilsa, koreyslar Tohir Shamsiddinovning 1 yil muddatga futboldan chetlatilganidan rozi emasligini sezish mumkin. Mahalliy futbol muxlislari Shamsiddinovni bundan ham uzoqroq muddatga chetlatish tarafdori.
Izoh (0)