2010-yil 5-may kuni tadbirkorlik faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan fuqaro keyinchalik ishlari yurishib ketganidan so‘ng ham muddati o‘tib ketgan guvohnomasi bilan hech qanday kirim hujjatlarisiz qurilish mahsulotlarini sotib, daromadni kassaga emas, kissaga urib yuraverdi, deb xabar beradi “Huquq” nashri.
Kunlarning birida uning xonadoniga soliq idorasi xodimlari kirib keldi. Biroz suhbatdan so‘ng, tuman DSIning bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari ko‘nadigan yigitlardan ekani malum bo‘ldi. Hujjatlar rasmiylashtirildi. Tadbirkor noqonuniy savdo vaqtida qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan 21 million so‘mdan ortiq va uning xazinasidagi 9 million 220 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida olib qoyildi.
Tuman DSIning bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari tadbirkorning faoliyatida qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazdi. Ushbu jarayonda tadbirkorga tegishli 312 million 600 ming so‘mdan ortiq mablag‘ga teng tovar-moddiy boyliklar borligi aniqlandi. Biroq soliq idorasi xodimi mansab vakolatini suiistemol qilgan holda 287 million 160 ming so‘mlik tovarlarni rasmiylashtirmadi. Bu borada tegishli hujjatlarga ham soxta yozuvlar kiritdi.
Mazkur holat fosh bo‘lgach, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi bu ikki kimsaga nisbatan qonuniy jazo tayinlab, hukm chiqardi. Unga ko‘ra, tadbirkor ikki yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqidan 30 foizi davlat daromadi hisobiga ushlangan holda 3 yil axloq tuzatish, soliq idorasi xodimi esa 3 yilga moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilib, unga 6 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)