2015-yil 10-fevral kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatgan nomzodini ro‘yxatga olish uchun zarur hujjatlar taqdim qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, O‘zXDP hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq qonunda belgilangan muddatda partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish jarayoni yakunlandi.
Partiya vakillari tomonidan siyosiy partiya rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni iltimos qilib, Markaziy saylov komissiyasiga arizasi, siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etildi.
Markaziy saylov komissiyasi hujjatlarni yetti kunlik muddat ichida tekshirib chiqadi va ularning qonun talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Hozirgi kunda Markaziy saylov komissiyasida imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish bo‘yicha ishchi guruhlari o‘z ishini davom ettirmoqda. Ularning tarkibida Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, jamoat tashkilotlarining vakillari, ichki ishlar, adliya organlarining mutaxassislari bor.
Izoh (0)