Tennis bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Xitoyning Guanchjou shahrida start olgan Fed Cup musobaqasining Osiyo – Okeaniya mintaqasi dastlabki saralashidagi ishtirokini g‘alaba bilan boshladi. Dmitriy Tomashevich boshchiligidagi terma jamoamiz gonkonglik dugonalarini 3:0 hisobida taslim etishdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
Oqgul Omonmurodova Xo Ching Vuni 7:5, 6:4, Nigina Abduraimova Ling Jangni 7:6(3), 7:6(3) hisobida mag‘lub etdi. Juftliklar bahsida esa Arina Fols hamda Sabina Sharipovadan iborat tandem Man Ying va Chun-Ving Sherdan 6:3, 6:7(2), 6:4 hisobida ustun kelishdi.
Bugun terma jamoamiz Guangdong Olympic Tennis Centre kortida Janubiy Koreya bilan munosabatlariga oydinlik kiritib olishadi. Kecha koreyaliklar ilk bahsda Yaponiya terma jamoasiga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berishdi.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi guruhda Tailand, Qozog‘iston, Xitoy va Xitoy Taypeyi terma jamoalari o‘zaro bahs olib borishyapti. Ikki guruhda g‘olib chiqqan jamoalar o‘zaro kurash orqali Fed Cup musobaqasi World Group II pley-off bosqichiga chiqadigan jamoani aniqlab berishadi.
Izoh (0)