Ijaraga uy qidirib yurgan ayol bir tanishidan Buxoro shahridagi Alpomish ko‘chasida joylashgan 5-“B” uyning to‘rtinchi qavatida ba’zi xonalar hech kim yashamayotganligi bois bo‘shligini eshitib, qaynonasi va qaynopasini ergashtirgancha shu manzilga bordi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
To‘rtinchi qavatdagi 60 va 69-xonalarda ayni vaqtda hech kim yo‘q bo‘lib, eshigiga qulf solingan ekan. Ayollar xonalarga joylashish uchun qulflarni buzishga kirishdilar. Shovqinni eshitib chiqqan qo‘shnilarning hay-haylashlariga qaramay ichkariga kirib olishdi.
Shunda kimdir uchastka noziriga, yana boshqasi xonalarning egalariga qo‘ng‘iroq qilishga tushdi. Aslida ushbu uy Buxoro shahar hokimligiga qarashli bo‘lib,60 va 69-xonalar tegishli fuqarolarga ajratilib, hujjatlar rasmiylashtirilgan edi.
Xona egalari qanchalik urinishmasin, ayollar xonalarni bo‘shatishni istashmadi. “Biz hokimiyatga bordik, ana shu xonalar sizlarniki, borib joylashaveringlar, deyishdi”, deya turib olishdi. Profilaktika inspektori ularning bu xatti-harakatlari noqonuniy ekanini qayta-qayta tushuntirishga harakat qilsa-da, ayollar yotoqxonani boshlariga ko‘tarib, og‘izlariga kelgan gaplar bilan xizmat vazifasini o‘tayotgan militsiya xodimini haqorat qildilar. Bu ham yetmagandek, profilaktika inspektoriga qo‘l ko‘tarib, uni kaltaklashdi. Shundan so‘ng, inspektor mazkur voqea haqida navbatchilik qismiga xabar berdi.
Sud ushbu ayollarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini atroflicha ko‘rib chiqdi va ularga qilmishlariga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.
Izoh (0)