Joriy yilning 3-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov olib borgan majlisda siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ham ishtirok etdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining rasmiy saytida xabar berildi.
Majlisda respublikaning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov uchastkalarini tashkil etish hamda saylov kampaniyasi jarayonining barcha bosqichlarini yoritish uchun O‘zbekiston va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qonunchilikka muvofiq saylov uchastkalari asosiy mezon — saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratishni hisobga olgan holda tuziladi. O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifini ko‘rib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 44 ta saylov uchastkasini tuzish hamda ularni 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirish haqida qaror qabul qildi. Mazkur saylov uchastkalarida saylovchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, jamoatchilikni saylov kampaniyasining barcha bosqichlari xususida o‘z vaqtida xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari faoliyati katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan majlisda O‘zbekiston va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi. Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda murojaat qilgan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Saylov to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini inobatga olgan holda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish uchun Markaziy saylov komissiyasi huzurida ishchi guruhlari tuzish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Ishchi guruhlarining asosiy vazifasi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24²–moddasiga asosan belgilangan muddatda imzo varaqalari qonun talablariga muvofiqligi haqida xulosalar berishdan iboratdir.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga doir tashkiliy va boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)