2015-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning 8,0 foizga, shu jumladan, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmining 8,3 foizga va qishloq xo‘jaligida 6,0 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy saytida xabar berildi.
Joriy yilda iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi korxonalarni barpo etish va mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, kichik biznesni, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini hamda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirish kabi investitsion loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladigan kapital qo‘yilmalar real hajmining 2014-yilga nisbatan 10,1 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Bunda mamlakat iqtisodiyotiga jalb etiladigan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmining 3,5 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etishi kutilmoqda.
Eksportni rag‘batlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishning davom ettirilishi hamda jahon bozorida respublikamizda ishlab chiqarilayotgan asosiy eksport mahsulotlariga talab va narxlar prognozini inobatga olgan holda, 2015-yilda ham O‘zbekiston to‘lov balansi, shu jumladan, tashqi savdo balansi ijobiy saldosining saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
Xususan, mamlakatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashish, eksport shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini hamda umuman bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish va erkinlashtirish borasidagi islohotlarning izchil davom ettirilishi 2015-yilda ham mamlakat eksportining yuqori sur’atlarda o‘sishiga xizmat qiladi.
O‘z navbatida, 2015-yilda yalpi ichki mahsulot deflyatori prognozining 2014-yildagi 12,6 foizdan 12,1 foizgacha pasayishi, iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmi va samaradorligini oshirish hamda mahsulot tannarxini pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi va jahon bozoridagi xomashyo va tovarlar narxlari dinamikasining prognozini inobatga olib, 2015-yil uchun inflyatsiya darajasi maqsadli ko‘rsatkichi 2014-yildagi ko‘rsatkichga (6—7 foiz) nisbatan pasaytirilib, 5,5—6,5 foiz doirasida belgilanmoqda.
Izoh (0)