2014-yilda valyuta siyosati uning asosiy tamoyillari, ya’ni milliy valyutamiz so‘mning barqarorligini hamda ichki valyuta bozorida talab va taklifning mutanosibligini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqib amalga oshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bunda asosiy e’tibor inflyatsion jarayonlarni jilovlashga, milliy valyuta almashuv kursi keskin tebranishlarining oldini olishga hamda eksportni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
O‘z navbatida, valyuta almashuv kursining o‘zgarib boruvchi boshqariladigan usulini qo‘llash orqali almashuv kursining maqsadli koridor doirasida bo‘lishi ta’minlandi. Eksportni rag‘batlantirish maqsadida so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursini bosqichma-bosqich pasaytirish choralari ko‘rildi.
Natijada 2014-yil davomida so‘mning AQSh dollariga nisbatan ayirboshlash kursi 10 foizga pasayib, 2015-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, bir AQSh dollari 2422,4 so‘mni tashkil qildi.
Mamlakatimiz tashqi savdo operatsiyalarining asosiy qismi AQSh dollarida amalga oshirilishini inobatga olib, so‘mning boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kurslarini belgilashda operatsion mo‘ljal sifatida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursidan foydalanildi.
Shunga muvofiq, so‘mning AQSh dollaridan boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan almashuv kurslari ushbu valyutalarning tashqi valyuta bozorlaridagi AQSh dollariga nisbatan kurslari dinamikasi va ichki valyuta bozorida so‘mning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi ta’siri ostida shakllandi.
Olib borilgan valyuta siyosati ta’sirida so‘mning almashuv kursi Xitoy yuaniga nisbatan 7,2 foizga, funt sterlingga nisbatan 4,0 foizga, Koreya voniga nisbatan 5,7 foizga va Turkiya lirasiga nisbatan 2,1 foizga pasayib, eksportni rag‘batlantirishga xizmat qildi.