Turkiyaning Antaliya shahrida mavsumga tayyorgarlik yig‘inini olib borayotgan “Nasaf” jamoasi bugun, 1-fevral kuni navbatdagi uchinchi nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
“Nasaf”ning bugungi raqibi Polshaning “Korona” klubi bo‘ldi. 1973-yilda tashkil etilgan mazkur klub Kelse shahrida maqom topgan bo‘lib, mamlakatning ekstraklass ligasida 2007-yildan buyon qatnashib keladi. Klub o‘sha yili mamlakatning bosh sovrinlaridan biri Polsha Kubogi finali ishtirokchisi bo‘lgan.
Polsha ekstraklass ligasida ayni paytda 16 jamoa bosh sovrin uchun kurash olib bormoqda. “Nasaf”ning bugungi raqibi hozirgi paytda 19 o‘yindan so‘ng, 21 ochko to‘plab, turnir jadvalining 14-pog‘onasini egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalgi uchrashuvda ham “Nasaf”ning raqibi Polsha klubi bo‘lgan edi. Unda qarshiliklar Polsha chempionati turnir jadvalining 6-o‘rnida borayotgan “Gurnik” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Uchrashuv juda qiziqarli bo‘lib, uchrashuvda “ajdarlar” 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Gollar birinchi va ikkinchi bo‘limda kiritildi. Shunisi diqqatga sazovorki, har ikkala golga jamoaning katta tajribaga ega hujumchisi Ilhom Shomurodov mualliflik qildi.
Nazorat uchrashuvi
“Nasaf” — “Korona” (Kelse, Polsha): 2:0
“Nasaf”: Eldorbek Suyunov, Alisher Yusupov, Hamza Karimov, Maqsud Karimov, Sharof Muhiddinov, Erkin Boydullayev, Bahrom Abdurahmonov, Ilhom Shomurodov, Artur Gevorkyan, Shohruh Gadoyev, Oleksandr Kablash.
Zahiradan maydonga tushganlar: Akrom Bahriddinov, Doniyor Narzullayev, Aziz G‘aniyev, Xudoyberdi Xoliqov.
“Nasaf”ning ko‘rigida bo‘lib turgan ukrainalik futbolchi Sergey Shapoval murabbiylariga ma’qul kelmagani uchun javob berilgan.
Ertaga, 2-fevral kuni yana bir yangi futbolchi ko‘rikka keladi. U sloveniyalik futbolchi bo‘lib, chap qanot himoyachisidir.
“Nasaf” ertaga yana bir nazorat uchrashuvi o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, navbatdagi sparring raqib Qozog‘iston klubi bo‘ladi.
Izoh (0)