26—28-yanvar kunlari Tokio shahrida O‘zbekiston bosh vaziri birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘zbek-yapon qo‘mitasi 12-majlisi ishida qatnashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda Yaponiya hukumati yapon kompaniyalari va moliyaviy institutlarining O‘zbekiston Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha harakatlarini faol ravishda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Majlis yakunlari bo‘yicha elektr energetikasi, neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika sanoati, telekommunikatsiyalar, turizm, transport infratuzilmasi va boshqa sohalarda muhim investitsiyaviy va kredit shartnomalari imzolandi. Ular jami qiymati 3,8 milliard dollarga teng Yaponiya investitsiyalari va kreditlarini jalb etishni ko‘zda tutadi.