2010-yildan Davlat soliq qo‘mitasi Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish Bosh boshqarmasining Farg‘ona viloyati bo‘limida bosh inspektor bo‘lib ishlab kelgan shaxsning kirdirkorlari fosh etildi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
A. Qodiriy ko‘chasidagi dehqon bozori Farg‘ona shahri “Markaziy dehqon bozori” MChJ filiali hisoblanadi. A. Qodiriy ko‘chasida yashagan inspektor bozorcha faoliyatini nazorat qilgani ko‘pincha o‘zi borgan. Uning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, bozorcha hududida 10−15 nafar fuqaro har xil savdo bilan shug‘ullanayotganliklari ustidan chiqib, ularni 3−4 marta ogohlantirgan.
Sudlanuvchining faqat “ogohlantirishlar” bilan cheklanganining sababi − 2011-yildan boshlab har oyda savdogarlar bosh inspektorga o‘n ming so‘mdan pul yig‘ib berib turishgan. 2012-yilda oylik “yig‘im”lar miqdori 15 ming so‘mgacha oshgan, 2013-yilning mart-iyun oylarida oyiga 20 ming so‘mdan berilgan.
Ishtahasi tobora karnay bo‘lib borgan bosh inspektordan bezillab qolgan savdogarlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga arz qilishadi. Ularning arizalari asosida tadbir o‘tkazilib, bosh inspektorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudga yuboriladi.
Sud uning pul nima uchun berilganini bilmagani, fuqarolarning o‘zlari pul berishni taklif qilishgani, tamagirlik qilmaganini jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida keltirilgan asossiz vajlar sifatida baholadi. Uning 2011−2013-yillar mobaynida noqonuniy savdo bilan shug‘ullangan fuqarolardan jami 4 million 950 ming so‘m pora yig‘ib olgani guvohlarning ko‘rsatuvlari, ishdagi boshqa dalillar bilan ham tasdiqlandi.
U 3 yil muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, undan 4 million 950 ming so‘m davlat egaligiga undirilishi lozim deb topildi.