Turkiyaning Istanbul shahrida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi kecha Ozarbayjon U-20 yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushib 3:1 hisobida g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Ayni kunlarda Turkiyada yangi yildagi ilk yig‘inini o‘tkazayotgan O‘zbekiston U-20 terma jamoasi kecha Ozarbayjon yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Ushbu uchrashuv Ravshan Haydarov shogirdlarining ustunligida va terma jamoa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining gollariga Javohir Siddiqov, Eldor Shomurodov va Doston Hamdamovlar mualliflik qilishdi.
Ravshan Haydarov jamoasi bungacha yig‘in davomida 22-yanvar kuni Ukraina U-21 terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi.
Ma’lumot uchun, 31-yanvargacha davom etadigan yig‘in davomida O‘zbekiston U-20 terma jamoasi Ukraina yoshlariga qarshi yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Rejaga ko‘ra ushbu terma jamoalar o‘rtasidagi ikkinchi o‘rtoqlik o‘yini 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi shuningdek, 25-yanvar kuni Singapur U-20 yoshlar terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-20 terma jamoasining Turkiyadagi yig‘iniga jami 22 nafar futbolchi jalb etilgan.
O‘rtoqlik uchrashuvi. 24-yanvar. Istanbul, Turkiya.
O‘zbekiston U-20 − Ozarbayjon U-20 3:1
Gollar: Javohir Siddiqov, Eldor Shomurodov, Doston Hamdamov.
Izoh (0)