Pochta jo‘natmalarini yetkazib berish vaqtini qisqartirish maqsadida 2014-yil O‘zbekistonda pochta tizimiga 483 ta marshrut bo‘yicha harakatlanadigan 114 ta transport vositasi jalb qilindi. Bu haqda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi Hay’atining 2014-yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisida qayd etildi.
2014-yil 1-oktabridan boshlab “O‘zbekiston pochtasi” OAJ buyurtmali, baholangan va qo‘ldan qo‘lga yetkazib beriladigan (Express) xalqaro pochta jo‘natmalari qidiruvi bo‘yicha e’tiroznomalarni pochta operatorlariga elektron shaklda almashish imkoniyatini beruvchi Butunjahon pochta ittifoqining PRIME tizimiga ulandi.
“O‘zbekiston pochtasi” OAJning korporativ tarmog‘i orqali aholiga elektron pul jo‘natmalarini yuborish, gibrid pul o‘tkazmalarini yetkazib berish, to‘lovlarni qabul qilish, nafaqalar to‘lovini hisobga olish, pochta jo‘natmalari monitoringini yurgizish kabi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Korporativ tarmoqqa ulangan avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari soni 2758 taga yetkazildi. Shu bilan birga, 15 ta filial, 174 ta pochta uzeli va 1,522 ta bo‘linmalar mazkur tarmoqqa ulangan.
Pochta tizimidagi 68 ta transport vositasiga GPS moslamalari o‘rnatildi.
Izoh (0)