Bugun, 23-yanvar kuni ayrim internet saytlarda serbiyalik hujumchi Aleksandr Leposavichni “Navbahor” tarkibiga qo‘shilganligi haqida xabarlar tarqaldi. Aslini olganda xorijlik futbolchi O‘zbekistonga kelganicha yo‘q, deb xabar beradi “Uff.uz”.
Ayni paytga kelib, futbolchining O‘zbekistonga kirish vizasini olishi bilan bog‘liq barcha hujjatlar tayyor holatga keltirilgan.
Leposavichning o‘zi esa Toshkentga ushbu hafta oxirida yetib keladi. Shundan so‘ng futbolchi jamoa mashg‘ulotlariga qo‘shiladi. Bevosita tayyorgarlik jarayoni xususida so‘z yuritilsa, hozirda jamoa kuniga ikki mahaldan tashkil etilayotgan mashg‘ulotlarda qatnashmoqda.
Kunning birinchi yarmidagi mashqlarda asosiy e’tibor jismoniy holatni tiklashga qaratilayotgan bo‘lsa, ikkinchi mashg‘ulotda futbolchilar ko‘proq to‘p bilan shug‘ullanmoqda. Rejaga ko‘ra “Navbahor” ertaga “Olmaliq” jamoasi bilan poytaxtdagi dastlabki nazorat uchrashuvida maydonga tushadi.
Olmaliqliklarga qarshi o‘tadigan o‘yin soat 15.00 da “Chilonzor” o‘yingohida boshlanadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogidagi ishtirokini yakunlaganligi sababli yangi haftadan bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatovning o‘zi mashg‘ulotlarga boshchilik qiladi.
Izoh (0)