O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Davlat veterinariya xizmati tomonidan nasldor chorva mollarni ko‘paytirish, ularni turli yuqumli kasalliklardan himoya qilish, jumladan, hayvonlar orqali kuydirgi, brutselloz, pasterellyoz va oqsil kabi yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
2014-yil O‘zbekistonga chetdan yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida 28,3 million bosh chorva, 50,4 million bosh parranda turli kasalliklarga qarshi emlandi. 190 mingdan ortiq molxona va qo‘rada qrim-kongo gemorragik isitma kasalligiga qarshi dezinfeksiya-dezinseksiya tadbirlari o‘tkazildi.
Davlat chegaralarini kesib o‘tish joylaridagi chegara veterinariya nazorati punktlari tomonidan veterinariya-sanitariya talablariga javob bermagan va tegishli veterinariya hujjatlari bo‘lmagan yuzga yaqin hayvon, 460 kilogrammdan ortiq go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 490 kilogrammdan ziyod sut va sut mahsulotlari O‘zbekiston hududiga kiritilmadi.
Tuman va shahar davlat veterinariya bo‘limlari qoshida zamonaviy ko‘rinishdagi veterinariya shifoxonalari tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda. O‘tgan yili Buxoro, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida zamonaviy veterinariya shifoxonalari foydalanishga topshirildi. Veterinariya xizmati ko‘rsatuvchi yigirma ikkita zooveterinariya punkti ishga tushirildi.
Davlat veterinariya xizmatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun veterinariya preparatlarini saqlash maqsadida 360 sovutgich, preparatlarni belgilangan rejimda olib yurish uchun 500 dan ortiq maxsus termosumka hamda oziq-ovqat mahsulotlarining iste’molga yaroqliligini tekshiruvchi 110 maxsus jihoz xarid qilindi. Joylarda emlash tadbirlarining samaradorligini oshirish maqsadida guruh usulida emlash ishlari davom ettirilmoqda.
Ayni paytda Davlat veterinariya xizmati mutaxassislari tomonidan aholi o‘rtasida profilaktika chora-tadbirlari, chorva mollarni boqishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan qoidalar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, bozorlarda chorva mollari veterinariya ma’lumotnomasi asosida sotilishi nazorat qilinmoqda.
Bu kabi chora-tadbirlar yuqumli infeksiyalar tarqalishining oldini olish hamda epizootik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Izoh (0)