Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi o‘simlik va hayvonot dunyosini himoya qilish guruhining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz”.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ko‘kalamzor hududlar Toshkent shahri umumiy maydonining 30 foizini tashkil etadi. Shahardagi ekologik holatga 65,34 gektar maydonni egallagan Botanika bog‘i va umumiy hududi 190,4 gektarga teng bo‘lgan 19 ta bog‘ ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili Anhor bo‘yida yangi bog‘ hududi tashkil etildi. 2014-yil 5-iyunda esa hukumat “Do‘rmon milliy bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
O‘simlik va hayvonot dunyosini himoya qilish guruhi atrof-muhit muhofazasi sohasidagi qonunchilikka rioya etilishining nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirdi. Natijada 19 million so‘mdan ortiq jarima undirildi. Fuqarolar va tashkilotlarning arizalariga binoan shahardagi o‘simlik dunyosini muhofaza qilish masalalari bo‘yicha 1,5 mingdan ortiq chiqishlar qilindi.
Beshyog‘och, Baxt va Rohat ko‘llaridagi qushlar to‘xtaydigan maskanlarda ularning nobud bo‘lishi holatlari va infeksiyali kasalliklar tarqalib ketmasligi bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildi. Shahar hududidagi bozorlarda o‘tkazilgan 15 ta reyd davomida 180 ta o‘rmon sayroqi qushlari va 2 ta lochin olib qo‘yildi va erkinlikka chiqarildi.
Izoh (0)