Xitoyning milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) va “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi Markaziy Osiyo — Xitoy gaz quvurining O‘zbekiston qismi to‘rtinchi bo‘lagini 800 million dollarga baholadi. Bu haqda CNPC vakiliga asoslangan “RIA Novosti”ga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Markaziy Osiyo — Xitoy gaz quvurlari tizimidagi bo‘laklar ichida eng kichik bo‘lgan bu 200 kilometrlik quvurlar qurilishi 2015-yilning ikkinchi yarmida boshlanadi.
To‘rtinchi bo‘lakning qurilishi bilan O‘zbekistondagi mavjud gaz quvurlari infratuzilmasi hozirgi vaqtda Tojikistonda qurilishi davom etayotgan qism bilan ulanadi. Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo — Xitoy gaz quvurlarining ushbu yangi liniyasi besh mamlakat — Turkmaniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Xitoy hududidan o‘tadi.
Umuman, Markaziy Osiyo — Xitoy gaz quvurlari qurilishi 2008-yil boshlangan bo‘lib, uning birinchi navbati 2009-yilda foydalanishga topshirilgan. Uning umumiy uzunligi 7 ming kilometrga teng bo‘lib, Xitoyning Guanchjou shahriga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun, 2008-yil “O‘zbekneftgaz” va CNPC o‘rtasida tuzilgan Asia Trans Gas qo‘shma korxonasi 2,2 milliard dollar evaziga gaz quvurning O‘zbekistondagi qismi uchinchi liniyasini qurilishini 2014-yil dekabrida yakunlagan edi.
Izoh (0)