“Xushnudbek.uz” sayti Osiyo kubogi va O‘zbekistonning ushbu musobaqadagi ishtiroki haqida qiziqarli faktlar taqdim etdi. Ushbu maqolani e’tiboringizga havola etamiz.
Mirjalol Qosimov o‘zbek futboli tarixiga Osiyo kuboklarida ikkita o‘yinga bir xil tarkib tushirgan birinchi murabbiy sifatida kirganligi haqida xabar berilgan edi. Bosh murabbiyimiz guruh bosqichining 3-turida tarkibda 5 ta o‘zgarish qildi. Bundan tashqari asosiy tarkibning yoshi ham o‘zgardi. O‘tgan o‘yinlarda o‘rtacha yosh 29,5 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 3-turda o‘rtacha 28,1 yoshli tarkib maydonga tushdi.
Sardor Rashidov Osiyo kuboklaridagi terma jamoamizning hisob bo‘yicha to‘rtinchi dublini qayd etdi.
Osiyo kuboklaridagi ilk dubl 2007-yilda qayd etilgan. O‘shanda Malayziyaga qarshi to‘p surgan terma jamoamiz safida Maksim Shatskix dubl qayd etgan edi. O‘sha o‘yinda biznikilar 5−0 hisobida g‘alaba qozonishgan. 2011-yilgi turnirda esa ikkita o‘yinda dubl qayd etilganini yaxshi eslasangiz kerak. Biri chorak finalda Iordaniya darvozasiga Ulug‘bek Baqoyev ikkita to‘p kiritib, bizni yarim finalga olib chiqqan bo‘lsa, ikkinchisi 3-o‘rin uchun Janubiy Koreya bilan bo‘lgan bahsda Aleksandr Geynrix dubl qayd etib, bizni yirik mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan edi.
Bugungi kungacha Osiyo kuboklarida hamyurtlarimiz xet-trik qayd etishmagan.
Osiyo kuboklarida 5 ta holatda zahiradan maydonga tushgan futbolchimiz gol urgan. Bular quyidagilar:
- 2004-yil. Mirjalol Qosimov. Turkmanistonga qarshi. Hisob: 1-0;
- 2007-yil. Aziz Ibragimov. Malayziyaga qarshi. Hisob: 5-0;
- 2007-yil. Aleksandr Geynrix. Xitoyga qarshi. Hisob: 3-0;
- 2007-yil. Pavel Solomin. Saudiya Arabistoniga qarshi. Hisob: 1-2;
- 2015-yil. Vohid Shodiyev. Saudiya Arabistoniga qarshi. Hisob: 3-1.
Zahiradan maydonga tushib, eng tez gol urgan futbolchi, bu – Pavel Solomin. U maydonga tushgach, 4 daqiqa o‘tiboq Saudiya Arabistoni darvozasini ishg‘ol qila olgan.
Eng qizig‘i so‘ngi bahsda Vohid Shodiyev ham xuddi shu ishni bajardi. Faqat u bu safar 5 daqiqada Saudiya Arabistoni darvozasini zabt etdi.Saudiyaliklar o‘yinchi almashtirsak, tizzalari qaltiraydigan bo‘lib qolishdi, chamamda.
Osiyo kuboklarida bizning darvozamizga ikkinchi bor penaltidan to‘p kiritildi. Bungacha 2011-yilgi turnirda Quvayt terma jamoasi ham darvozamizga penalti orqali yo‘l topa olgan edi.
O‘ylab qaralsa, darvozamizga penalti berilsa, raqiblar urolmagandan ko‘ra, urgani yaxshi. Sababi, penaltidan to‘p o‘tkazilgan ikkala o‘yinda ham O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozona olgan. Quvaytni ham, Saudiya Arabistonini ham. Lekin penalti golga aylanmagan o‘yinda aksi bo‘lgan.
2000-yilgi musobaqada Yaponiya terma jamoasi bilan bo‘lgan bahsda 5-daqiqada darvozamiz tomon penalti belgilangan, ammo Akinori Nishizava bundan unumli foydalana olmagan. Keyin nima bo‘lganini yaxshi bilasiz, 8 ta yeganmiz.
2015-yilgi Osiyo kubogining guruh bosqichida bironta ham durang qayd etilmadi.
2015-yilgi Osiyo kubogining guruh bosqichi bir xil ssenariyda o‘tdi. Ya’ni barcha guruhlarda 1-o‘rinni olgan jamoa 9 ochko, 2-o‘rinni olgan jamoa 6 ochko, 3-o‘rin 3 ochko va nihoyat so‘ngi o‘rinni olgan jamoa bironta ochko to‘play olmadi.
Hozircha 3 ta jamoa o‘z darvozasidan to‘p olib chiqmadi: Janubiy Koreya, Eron, Yaponiya.
Izoh (0)