2014-yil O‘zbekiston aholisi uchun muvaffaqiyatli kechib, jamiyat va har bir inson hayotiga katta ijobiy o‘zgarishlar olib kirdi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining navbatdagi so‘rovida ishtirok etganlarning qariyb 98 foizi ana shunday fikr bildirdi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi” nashri.
Sotsiologik tadqiqotda shahar-u qishloqlardagi erkaklar va ayollar, turli yosh, millat, e’tiqod vakillari qatnashdi.
Respondentlarga “2014-yilda eng ko‘p nimadan quvondingiz?” degan savol berildi. Ular bunga javoban o‘zlarining shaxsiy muvaffaqiyatlari qatorida O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda qo‘lga kiritilayotgan yuksak marralar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ravnaqi uchun yaratilgan qulayliklar, inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash darajasi, ta’lim hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshganini alohida e’tirof etdi.
Tadqiqot mamlakat hududlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi barqarorligini tasdiqladi. Shunga uyg‘un tarzda respondentlarning 84,2 foizi tomonidan 2015-yilga mana shunday ijobiy prognozlar bildirildi.
Fuqarolarning ko‘pchilik qismi o‘tgan yili o‘z moddiy, uy-joy va maishiy holatini ancha yaxshilab olganini e’tirof etdi. Ularning 98 foizi oilasi moddiy farovonligini barqaror, deb baholadi.
Izoh (0)