Buxoro viloyati Olot tumanida istiqomat qiluvchi shaxs tanishiga qo‘ng‘iroq qilib, otasi Rossiya Federatsiyasining Chukotka okrugida ishlayotgani, 4000 AQSh dollari to‘lanadigan ikki kishilik ish o‘rni bo‘sh turganini ma’lum qildi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.
“Xushxabar”dan quvongan fuqaro ko‘p o‘tmay o‘ziga sherik topib, 2012-yil 27-oktabr kuni Chukotkaga yetib keldi. O‘g‘li yuborgan tayyor ishchi kuchlari bilan uchrashgan shaxs ularning fuqarolik hujjatlarini olib, rossiyalik ish beruvchiga topshirdi.
Bir oy mobaynida izg‘irin ob-havo sharoitida qurilishda ter to‘kkan olotlik fuqarolar uyga qaytish maqsadida hujjatlari va ish haqini so‘radi. Vositachilik orqali pul topishga o‘rgangan o‘zbekistonlik shaxs esa ishning chala qolishi mumkin emasligini aytdi.
Janjal bilan yakunlangan suhbatdan so‘ng, 8800 AQSh dollari miqdoridagi ishni bajargan olotlik fuqarolar bir so‘msiz, qarzga botgan holda O‘zbekistonga qaytdi va Chukotka okrugi Pevek shahrida chekkan azoblari yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida jinoyatchilar qilmishiga yarasha jazolandi. Yetkazilgan zararlar qoplandi.
Izoh (0)