Osiyo kubogi−2015 tashkiliy qo‘mitasi jiddiy muammoga duch keladigan bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”. OFK hozir bu haqda bosh qotirmoqda.
Gap shundaki, mezbon Avstraliya chorak finalda Xitoyni mag‘lub etsa, yarim final uchrashuvini Nyukasl shahridagi “Nyukasl” stadionida o‘tkazadi. Ushbu stadion qit’a chempionatiga mezbonlik qilayotgan 5 ta stadion orasida eng kichigi hisoblanadi. Stadionning umumiy sig‘imi 33 ming muxlisga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, unda 23 ming o‘rindiq o‘rnatilgan. Darvozalar ortida esa o‘rindiqlar o‘rnatilmagan. Stadion aslida regbiga mo‘ljallab qurilgan.
Avstraliya yarim finalda katta ehtimol bilan Yaponiyaga (bu jamoa “D” guruhida 1-o‘rinni egallab, chorak finalda raqibini mag‘lub etsa) qarshi o‘ynashi mumkinligi esa muammoning ko‘lamini yanada kengaytiradi. O‘yinga qiziqish o‘ta yuqori bo‘ladi va Yaponiyadan ham ko‘plab muxlislar tashrif buyurishi kutilmoqda.
OFK avvaliga o‘rindiqlar o‘rnatilmagan joy uchun chipta sotishni taqiqlab qo‘ygandi. Endi esa o‘z qaroriga qarshi borib, darvozalar ortidagi (turib ko‘riladigan) joylar uchun ham chipta sotishga rozilik berishi mumkin. OFK shu orqali muammoga yechim topishga harakat qilmoqda. Buning uchun mahalliy tashkiliy qo‘mita mazkur joylarda muxlislar xavfsizligini ta’minlash uchun zudlik bilan chora ko‘rishi lozim.
Yarim final bahsini boshqa stadionga ko‘chirish orqali mazkur muammoni hal qilish mumkin, ammo chiptalarni xarid qilishga ulgurgan muxlislar jiddiy muammoga duch kelishadi. Shu bois, OFK stadionni almashtirmaslikka qaror qildi.
Ko‘rinib turibdiki, OFK va Tashkiliy qo‘mita yarim finalni eng kichik sig‘imli stadionga belgilab, katta xatoga yo‘l qo‘ygan. Ular Avstraliyaning “A” guruhida 2-o‘rinni olishi mumkinligini inobatga olishmagan.
Izoh (0)