Navoiy viloyatida Prezident Islom Karimovning 2014-yil 13-oktabrdagi “1941—1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, Keksalarni e’zozlash yili munosabati bilan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.
Xususan, Navbahor tumanida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Ularga sanatoriy-kurort kartalari ochilib, sog‘lomlashtirish markazlariga yo‘llanmalar berilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, urush va mehnat fronti faxriylarining bir guruhini Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatlariga qarashli to‘rtta hamda Xatirchi tumanidagi “Oltinsoy” sanatoriylarida sog‘lomlashtirish rejalashtirilmoqda.
“Faxriylar salomatligini mustahkamlashi uchun zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda, — dedi viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi mas’ul xodimi Otabek Safarov. — Ayni paytda urush va mehnat fronti faxriylariga sog‘lomlashtirish yo‘llanmalari ajratish uchun ro‘yxatlar shakllantirilmoqda. Hademay keksalarga sanatoriylar xizmat ko‘rsatishni boshlaydi”.
Izoh (0)