Namanganda svetoforlarga muqobil energiya manbai — quyosh batareyali panellar o‘rnatish amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Prezident rahnamoligida qayta tiklanadigan, arzon, iqtisodiy jihatdan tejamkor va ekologiyaga salbiy ta’sir qilmaydigan muqobil energiya manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada quyosh nuri yordamida hosil qilinadigan elektr quvvatidan foydalanish texnologiyalari joriy etilayotgani muhim ahamiyat kasb etyapti.
Namanganda yo‘l harakatini boshqarishning asosiy vositasi bo‘lgan svetoforlarni muqobil energiya manbai bilan ta’minlash borasidagi loyihaning amaliyotga tatbiq etilishi ham mazkur izlanishlar samarasidir.
Quyosh batareyali panellarning dastlabkisi viloyat markazining Navoiy va Bobur shohko‘chalari kesishgan chorrahalardagi svetoforlarga o‘rnatildi.
“Quyosh batareyali panellar sinovdan muvaffaqiyatli o‘tmoqda, — dedi viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ixtisoslashtirilgan foydalanish bo‘limi bosh muhandisi Akmaljon Sulaymonov. – Bunday qurilmalar shaharning asosiy yo‘nalishlaridagi ellikdan ziyod chorrahaning barchasiga o‘rnatiladi. Bu svetoforlarning barqaror ishlashi va elektr energiyasi tejamkorligida sezilarli natija beradi”.
Izoh (0)