Bugun, 20-yanvar kuni “Sports Seul” muxbiri O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovdan intervyu olishga keldi. Biroq Melburndagi “Leyk Sayd stedium” o‘yingohida mashg‘ulotlarni tugatgan O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi koreys nashriga intervyu bergisi kelmadi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Koreys nashri yozishicha, Mirjalol Qosimov “No English, only Uzbek language”, — deya tarjimon orqali “Ingliz tilini bilmayman. Shuning uchun o‘zbek tilida savol bersangiz, mayli”, — deb aytgan.
“Sports Seul” shunday yozadi: “O‘z vaqtida Rossiya chempionatida to‘p surgan Mirjalol Qosimov O‘zbekistonning ‘Xong Myun Bo’si hisoblanadi. Biz uning ingliz tilini bilmasligi haqiqatdan uzoqligini bilamiz. Mirjalol Qosimovning 2013-yil 11-iyun kuni Seulda o‘tgan JCh saralash o‘yiniga kelganidagi holatini yaxshi eslaymiz. O‘shanda u talaffuzi yaxshi bo‘lmasa-da, o‘z fikrlarini ingliz tilida to‘liq bildira olgan edi. Bizningcha, o‘zini kamtar tutib, jimgina mashg‘ulot o‘tkazish uchun shunday degan bo‘lishi mumkin.
Shu vaqtgacha Mirjalol Qosimov bizning terma jamoa haqida fikr bildirishdan o‘zini tiyib, ‘Korea good team’ (“Koreya yaxshi jamoa”) deya qisqa fikr bildirish bilan cheklanyapti.
Biz O‘zbekiston terma jamoasining mashg‘ulotlarini kuzatishga muvaffaq bo‘ldik. Futbolchilar kayfiyatlari yaxshi holatda mashq qildi. Oltiga olti tarzida mini-o‘yin ham qilishdi. 45 yoshli bosh murabbiy ham futbolchilar bilan yugurib, ter to‘kyapti. Hozirda kimgadir ‘Janubiy Koreya — O‘zbekiston o‘yinida kim g‘alaba qozonadi?’ deya savol berilsa, ko‘pchilik ‘Tabiiyki, Janubiy Koreya’, deya javob berishi tayin. Lekin so‘nggi to‘qnashuvlarda O‘zbekiston terma jamoasi bizning terma jamoa bilan tengma-teng o‘ynaganligini e’tibordan soqit qilish yaramaydi”.
Izoh (0)