Janubiy Koreyada Krishtianu Ronalduga qiyosan Sonaldo deb ko‘klarga ko‘tariladigan 23 yoshli Son Xeung Min yana mashg‘ulotlarga kirishdi. “Bayer Leverkuzen” (Germaniya) a’zosi hisoblangan bu futbolchi shamollab qolganligi tufayli guruh bosqichida Quvaytga qarshi maydonga tusha olmadi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Ma’lumotlarga qaraganda, u O‘zbekistonga qarshi maydonga tushishga shay. Hattoki, internetda kecha bosh murabbiy Uli Shtilike terma jamoaga bir kunlik dam berganida Son Xeung Minning jamoadoshlari bilan Melburnda sayr qilganligi haqidagi videolar paydo bo‘ldi. Bugun, 20-yanvar kuni mashg‘ulotlar yakuniga yetgach, koreyalik jurnalistlar chorak final oldidan Son Xeung Min fikrlari bilan qiziqdi.
Jurnalistlarning “Ancha ozib qolibsiz”, — deya qilgan haziliga futbolchi: “Ha, ozganligim tabiiy hol. Mazam qochib, mashg‘ulotlarda ko‘ngildagidek yugura olmadim. Alohida holda ham shug‘ullanyapman. Endi yaxshi ovqatlanib, yaxshi ichib avvalgi holatimga kirmasam bo‘lmaydi”, — dedi.
Shuningdek, Son Xeung Min chorak final haqida “Biz O‘zbekistonga qarshi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Raqibning xatolaridan unumli foydalanish ustida bosh qotiryapmiz. O‘zbekistonning o‘yinlarini ko‘rdim. Ularni kuchsiz jamoa deb aytmagan bo‘lardim. Agar imkoniyatlardan 100 foiz foydalanmasak, O‘zbekiston biz uchun juda ham xavfli raqibga aylanadi”, — deb qayd etdi.
Izoh (0)