Bir necha yildan buyon an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Pahlavon” kurash klubi ochiq birinchiligini qabul qilish bu gal O‘zbekiston Kurash Milliy federatsiyasi tomonidan poytaxtdagi Respublika olimpiya zaxiralari kollejiga topshirildi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Mazkur sport maskani kurash zalida O‘zbekistonning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan 400 ga yaqin yosh polvon to‘plandi.
Turnir tashkilotchilaridan biri, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Murod Do‘simbetovning aytishicha, eng yosh polvonlar, ya’ni 10—11 yoshli sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand va Namangan viloyatlari jamoalari yaqqol ustunlik qilgan.
13 ta vazn toifasidan 5 tasida buxorolik sportchilar, 4 tasida Navoiy viloyati vakillari g‘olib bo‘ldi. Mutaxassislar orasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Serik Jusipbekov, Namangan viloyatidan Komil Bo‘tayev, Navoiy viloyatidan Mamadali Norov singari murabbiylarning shogirdlari g‘olib va sovrindorlar safida ko‘pchilikni tashkil etdi.
Izoh (0)