O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida navbatdagi majlis bo‘lib o‘tdi. Majlisni komissiya raisi M. Abdusalomov olib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytida xabar berildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisini chaqirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni va O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi O‘zbekston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Markaziy saylov komissiyasi parlament yuqori palatasining birinchi majlisini 2015-yil 22-yanvar kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi 2015-yil 22-yanvar kuni soat 10.00 da Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosida ochiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yig‘ilishiga kelgan Senat a’zolarini ro‘yxatdan o‘tkazish 2015-yilning 21-yanvar kuni soat 9.00 dan 18.00 gacha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosida amalga oshiriladi.
Izoh (0)