16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdi:
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim manbai va omilidir.Bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan voqealar mavjud mahalliy xomashyo bazasi asosida import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mamlakatimizning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlay olishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish borasida to‘plagan tajribamiz bizning tashqi omillarga bog‘liqligimizni kamaytirish, ichki talabni shakllantirish va bozorlarimizni zarur iste’mol tovarlari hamda butlovchi mahsulotlar bilan to‘ldirish, tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, valyuta resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim rol o‘ynashini amalda tasdiqlamoqda.
Sanoat ishlab chiqarishida mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmining jadal o‘sib borayotgani buning amaliy tasdig‘idir. 2005-yilda mahalliylashtirilgan mahsulotlar 9,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 20 foizga yetdi.
Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga barcha manfaatdor vazirlik, idora, uyushma va kompaniyalarni keng jalb etgan holda, 2015−2019-yillarga mo‘ljallangan tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallarni mahalliylashtirish va ishlab chiqarish bo‘yicha dastur tayyorlash vazifasi topshiriladi.
Izoh (0)