16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligida erishgan yutuqlariga e’tibor qaratdi:
Qishloq xo‘jaligida erishilgan yutuqlar haqida gapirganda, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu sohada biz qo‘lga kiritgan ulkan marralar, avvalo, fermerlarimiz, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va qishloq taraqqiyoti bilan bog‘liq tarmoqlarda mehnat qilayotgan yuz minglab yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati, bilim va tajribasining samarasidir.2014-yilda qishloq mehnatkashlari qanday og‘ir sinovlarga duch kelganini hammamiz yaxshi bilamiz. Sovuq kunlar odatdagidan ko‘proq bo‘ldi. Bu, ayniqsa, bahor oylarida yanada ko‘proq sezildi. Yozdagi suv tanqisligi, vegetatsiya davridagi kuchli shamol va bo‘ronlar, kuzning ancha erta va salqin kelgani soha mehnatkashlari uchun ko‘plab jiddiy muammolarni tug‘dirdi.
Ana shunday qiyinchiliklarga qaramasdan, dehqon va fermerlarimizning mardonavor mehnati, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobidan 3 million 400 ming tonnadan ziyod paxta, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi marta 8 million 50 ming tonnalik yuksak g‘alla xirmoni bunyod etildi.
Fursatdan foydalanib, ushbu yuksak minbardan turib, paxtakor va g‘allakorlarimizga, barcha-barcha qishloq mehnatkashlariga qahramonlik namunasi bo‘lgan, mashaqqatli va sharafli mehnati uchun o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik izhor etishni ham qarz, ham farz, deb bilaman.
Ma’lumki, biz qishloq xo‘jaligini isloh etishda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor bermoqdamiz. Bu vazifa eng muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Chunki, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishning samaradorligi, mamlakatimizning iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, nafaqat qishloq mehnatkashlari, balki butun O‘zbekistonimiz aholisining moddiy farovonligini oshirish bebaho boyligimiz bo‘lgan yerimizning unumdorligi, uning sifatini muntazam yaxshilab borish bilan uzviy bog‘liqdir.
O‘tgan davrda bu borada ko‘rilgan choralar natijasida 1 million 700 ming gektar sug‘oriladigan yerning meliorativ holati yaxshilandi. Bu jami ekin ekiladigan maydonlarning yarmidan ziyodi demakdir. Ana shunday ishlar tufayli sizot suvlari eng og‘ir darajada, ya’ni, 2 metrgacha yuzada joylashgan yerlar qariyb 500 ming gektarga yoki uchdan biriga kamaydi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan yerlar esa 100 ming gektarga yoki 12 foizga qisqardi. Melioratsiya tadbirlari amalga oshirilgan ekin maydonlarida paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 2-3 sentner, boshoqli don ekinlari bo‘yicha esa 3-4 sentnerga oshgani bu borada erishgan eng muhim natijamizdir.
Agarki bu raqamlarni gektarlarga ko‘paytiradigan bo‘lsak, amalga oshirgan ishlarimizning samarasi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish haqida so‘z yuritganda, avvalo, paxta ekiladigan yerlarni optimallashtirish va boshoqli don ekinlari, sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik uchun ajratilgan maydonlarni kengaytirish hisobidan ekin maydonlari tarkibida o‘zgarishlar amalga oshirilganini qayd etish joiz.
Masalan, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, O‘rta Chirchiq, O‘zbekiston va Buvayda tumanlarida paxta ekin maydonlari qisman qisqartirildi, Asaka, Yangiyo‘l va Jomboy tumanlarida paxta ekishdan butunlay voz kechildi. Shu asosda paxtadan bo‘shagan 30 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerda don ekinlari, sabzavot, kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yildi, bog‘ va uzumzorlar barpo etildi. Natijada 2012-2014-yillarda paxta yetishtirish hajmi saqlangan holda, sabzavot yetishtirish 16,3 foiz, poliz ekinlari 16,6 va meva yetishtirish qariyb 21 foizga o‘sdi.
Zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va fermerlarni yuqori unum bilan ishlaydigan qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash hisobidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida intensiv usullarga o‘tish ushbu sohani barqaror va samarali rivojlantirishda eng muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tizimi butunlay qayta tashkil etildi, “O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi tuzildi, soha korxonalari optimallashtirilib, ular qishloq xo‘jaligida talab etilayotgan aniq turdagi texnika va mexanizatsiya vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi.
Toshkent traktor zavodining optimallashtirilgan ishlab chiqarish maydonlarida yangi korxona – “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bu erda traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalarining yangi modellari ishlab chiqarilmoqda.
Izoh (0)