Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasida kechadigan o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Mirjalol Qosimov va Aziz Haydarov ishtirok etdi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
Dastlabki savol ertaga bo‘ladigan o‘yin haqida bo‘ldi.
Javob: Saudiya Arabistoni juda kuchli jamoa. Ularga qarshi kechadigan o‘yin jiddiy kechishi turgan gap. Biroq biz g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Xitoyga qarshi kechgan o‘yindagi natija vaziyatni ancha og‘irlashtirdi. Aslida biz o‘yinni yomon boshlamagandik va g‘alaba qozonib turgandik. Ammo o‘yinni o‘z qo‘limiz bilan raqibga berib qo‘ydik. Endi ertaga bo‘ladigan o‘yinda mana shu xatomizni to‘g‘rilab, vaziyatni o‘nglash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni bajaramiz.
Aziz Haydarov: Ertaga bo‘ladigan o‘yin biz uchun birinchi final desak bo‘ladi. Xitoydan mag‘lubiyatga uchragach, kerakli ochkolarni yo‘qotdik va keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini qiyinlashtirdik. Shu sababli ertaga finalga tatiydigan o‘yin bo‘ladi. Saudiya Arabistoni kuchli jamoa. Biz raqibni yaxshi bilamiz, ular tarkibida kuchli futbolchilar bor. Ularning oldida qanday vazifa bo‘lsa, bizning oldimizga ham shunday vazifa qo‘yilgan. Biz bu o‘yinda g‘olib chiqib, xalqimizga bayram tuhfa qilmoqchimiz. Shu bilan birga avvalgi o‘yindagi mag‘lubiyat uchun xalqimizdan uzr so‘ramoqchiman. Bizni to‘g‘ri tushunishadi, degan umiddaman. Ularning ishonchini ertaga bo‘ladigan o‘yinda qaytarib olmoqchimiz.
Avstraliya matbuoti: Saudiya Arabistoni futbolchilari juda tezkor ekaniga qanday qaraysiz?
Javob: Bu o‘yin hammasiga oydinlik kiritishi lozim. Har bir jamoa musobaqadagi ishtirokini davom ettirishni istaydi. Raqib tarkibida kuchli va tezkor futbolchilar ko‘p. Qolaversa, raqib o‘yin davomida qanot himoyachilari tez-tez hujumga o‘tib turadi va Saudiya Arabistoni o‘yini yanada kuchayadi. Ammo biz bunga qarshi tura olamiz. Jamoamiz ertaga bo‘ladigan o‘yinga tayyor va faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi. Biz g‘alabaga erishishimiz shart.
Xayrullo Holiqov: Ertaga boshlang‘ich tarkibda o‘zgarish ko‘ramizmi? Shuningdek, Xitoyga qarshi kechgan o‘yinda futbolchilarning ko‘zi yonmadi, degan gapga qanday qaraysiz?
Javob: Men bu gapga qo‘shilmayman. Futbolchilar g‘alabani juda istagan edi. Ammo futbolda shunaqasi bo‘lib turadi. Birinchi bo‘limda yomon o‘ynamadik, ammo ikkinchi bo‘limda kichik xatolar og‘ir oqibatlarga olib keldi. Bizda vaziyatni o‘nglash uchun vaqt yetarli bo‘lmadi. Ertaga bu xatoni to‘g‘rilamoqchimiz. Albatta Saudiya Arabistoni bilan bo‘ladigan o‘yinda tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi.
Xitoy televideniyesi: Bugun Avstraliya Janubiy Koreya bilan o‘ynaydi. Shaxsan o‘zingiz, agarda keyingi bosqichga chiqsangiz, ulardan qay biri bilan o‘ynashni istardingiz?
Javob: Biz hozir faqat Saudiya Arabistoni bilan bo‘ladigan o‘yin haqida o‘ylamoqdamiz. Qolgani haqida o‘ylash uchun keyin vaqt bo‘ladi. Biz ertaga g‘alabaga erishishimiz shart.
Avstraliya matbuoti: Xitoyga qarshi kechgan o‘yinda raqibni mensimagandek bo‘lmadingizmi? Raqib kutilmagan o‘yin namoyish qildi, deb o‘ylamaysizmi?
Javob: Yo‘q, men raqibni mensimadik, deb aytmagan bo‘lardim. Men avvaldan aytganman, bu musobaqada faqat kuchli jamoalar bor. Shunday ekan, har bir uchrashuvda to‘liq kuch bilan harakat qilish kerak. Oson o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi. Guruhimizdagi har bir raqib kuchli.
Axadxon Abduhamitov: Xitoyga qarshi kechgan o‘yinda terma jamoamiz futbolchilari jismoniy jihatdan ham raqibga imkoniyatni boy berdi. Bu haqida nima deya olasiz? Yana bir savol futbolchiga: Siz BAAda uzoq yillardan buyon o‘ynab kelmoqdasiz? Raqib haqida nima deya olasiz, BAA va Saudiya Arabistoni futboli bir biriga qay darajada o‘xshaydi? Ertaga bo‘ladigan o‘yinda ularning va bizning ustun jihatlarimiz nimada?
Mirjalol Qosimov: Xitoyga qarshi kechgan o‘yinda futbolchilarimiz ancha xotirjam tortib o‘ynagani rost. Bu bizning xatomiz edi. Ammo biz bu xatolarni ko‘rib chiqishga ulgurdik. Ertaga mutlaqo boshqacha o‘yin bo‘ladi.
Aziz Haydarov: BAA va Saudiya Arabistoni terma jamoalari bir biriga mutlaqo o‘xshamaydi. BAA terma jamoasi futbolchilari anchadan buyon birga o‘ynab kelmoqda. Shuning uchun bu juda kuchli jamoa. Saudiya Arabistoni esa texnik jihatdan kuchli. Bu jamoalar bir hududda joylashgan va qaysidir jihatlari o‘xshash bo‘lishi mumkin. Ammo Saudiyani BAAdan kuchliroq deb o‘ylamayman. Saudiya Arabistoni tarkibida texnik jihatdan kuchli futbolchilar bor. Biz mana shunga qarshi tura olishimiz kerak.
Livan matbuoti: Agar O‘zbekiston terma jamoasi ertaga mag‘lubiyatga uchrasa, siz iste’foga chiqasizmi?
Javob: Bizda barchasini o‘nglash uchun imkoniyat va vaqt bor. Men hozir faqat mana shu g‘alaba haqida o‘ylayapman. Saudiya Arabistoniga qarshi kechadigan o‘yinda g‘alaba uchun bor imkoniyat va kuchni sarflaymiz. Biz faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Hozir faqat shu haqida o‘ylash kerak. Qolganiga esa hali vaqt bo‘ladi.
Shu bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi matbuot anjumani yakuniga yetdi.
Izoh (0)