O‘zbekiston MTJning Osiyo Kuboklarida ishtirok etgan tarkiblari yoshi tahlillariga ko‘ra, Mirjalol Qosimov Osiyo Kubogining ilk o‘yiniga eng “qari” tarkibni olib tushgan, deb xabar beradi “Xushnudbek.uz”.
Osiyo Kuboklarida O‘zbekiston terma jamoasi bugungi kungacha jami 22 ta o‘yin o‘tkazgan. 22 ta o‘yindagi tarkiblar ko‘rib chiqilsa, Mirjalol Qosimov nafaqat ilk o‘yinda, balki butun Osiyo Kuboklari tarixida O‘zbekistonning eng “qari” tarkibini maydonga boshlab tushgani ma’lum bo‘ldi. Qosimov murabbiyligidagi ikkala o‘yinda ham O‘zbekiston terma jamoasining o‘rtacha yoshi 29,5 yosh bo‘ldi. Bu rekord ko‘rsatkichdir.
Eng yosh tarkib esa 2004-yilgi Osiyo Kubogida Ravshan Haydarov murabbiyligida maydonga tushgan. Osiyo Kubogi — 2004 bahslarining guruh bosqichi 3-turida Turkmanistonga qarshi maydonga tushgan O‘zbekiston terma jamoasining o‘rtacha yoshi 23,5 yosh bo‘lgandi va o‘sha o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonilgan edi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston jamoasining 2-turdagi o‘yinidan keyin Mirjalol Qosimov o‘zbek futboli tarixiga Osiyo Kuboklarida ikkita o‘yinga bir xil tarkib tushirgan birinchi murabbiy sifatida kirdi.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, Avstraliya maydonlarida o‘tayotgan turnirda O‘zbekiston terma jamoasi KXDRga qarshi ham, Xitoyga qarshi ham bir xil tarkib bilan o‘yinni boshladi. Mirjalol Qosimov tarkibga bironta o‘zgarish kiritmadi. Bunaqa holat ilgari biron marta bo‘lmagandi. Agar turnirgacha MTJ Osiyo Kuboklarida 20 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, maydonga 20 xil tarkib tushgan, 20 xil.
Izoh (0)