Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalarining moliyaviy faoliyati o‘rganilganida, jiddiy qonun buzilishi holatlari aniqlandi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Oliy ma’lumotli, oltmish yoshni qoralagan ayol 2009-yilning fevral oyidan 17-maktabgacha ta’lim muassasasining mudirasi lavozimida ishlab kelgan. Pensiya yoshidan o‘tgan mudira muassasa hisobchisi va g‘aznachi vazifasi yuklatilgan bosh tarbiyachi bilan til biriktirib, xodimlarning plastik kartalariga o‘tkaziladigan pullarning muayyan qismini o‘zlashtirishdan iborat jinoyatga qo‘l urdi.
Mukofot pullari va maoshlarni yaqin, ishonchli kishilarning plastik kartalariga tushirib olishdan tashqari, buyruq bilan qabul qilingan, biroq bir necha oylab ishlamagan xodimlarga ham shu ish haqi hisoblab, plastik kartalariga tushirib o‘zlashtiravergan. 2012-yil mart oyida uch nafar xodimga, avgust oyida 10 nafar xodimga buyruqsiz va buyruq chiqarib hisoblangan 2 million 119 ming so‘m mukofot pullarini mudira o‘zining, g‘aznachi vazifasini bajaruvchi ayolning va uch nafar “sadoqatli” xodimining plastik kartalariga noqonuniy ravishda tushirtirib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Mudira hisobchi ayol bilan kelishgan holda ishchi-xodimlarning tabellariga, bank muassasasiga taqdim etilgan plastik kartalarning to‘lov ro‘yxatiga soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib, buyruq bilan yoki soxta buyruq bilan ishga qabul qilinganini rasmiylashtirib qo‘ygan, biroq 3-4 oydan tortib, 8-9 oygacha ishga kelmagan, go‘yo musiqa rahbari, tarbiyachi va enaga bo‘lib ishlayotgan 15 nafar xodimning ishlamagan vaqtlariga ish haqi hisoblattirgan. Tabellarga, plastik kartalar to‘lov ro‘yxatiga soxta ma’lumotlar kiritib, jami 19 million 529 ming so‘m ish haqini o‘zining, turmush o‘rtog‘ining, qizining va 6 nafar sobiq xodimining kartalariga o‘tkazib olgan.
Bundan tashqari, g‘aznachi vazifasini bajaruvchi ayol bilan til biriktirib, 2013-yil avgust — dekabr oylari, 2014-yil yanvar oyida bank muassasasidan cheklar bilan olingan jami 8 million 722 ming so‘m naqd ish haqini xodimlarga tarqatmay, o‘zi sarflagan. Muassasada hatto byudjet mablag‘lari hisobiga sotib olingan, tarbiyalanuvchilarga berilishi lozim bo‘lgan 757 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ham talon-taroj qilingan.
Sud davlat byudjetiga yetkazilgan jami 41 million 582 ming so‘mning o‘rni qoplanganini e’tiborga olib, sudlanuvchilar — maktabgacha ta’lim muassasasi sobiq mudirasi, hisobchi, g‘aznachi vazifasini bajargan bosh tarbiyachiga muayyan muddat moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda axloq tuzatish ishlari hamda jarima jazosini tayinladi.