16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi:
Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish aholimiz, avvalo, yosh avlodimizning sog‘lig‘ini mustahkamlashda muhim o‘rin tutishini inobatga olib, bu sohaga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Bu borada sport inshootlarini har tomonlama rivojlantirish va ularni zamonaviy inventarlar bilan jihozlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.2014-yil mobaynida faqat Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan 18 ta namunaviy sport obyekti va 73 ta maktab sport zali barpo etildi, 24 ta obyektda qariyb 100 milliard so‘mlik rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilganini qayd etish lozim.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 2 millionga yaqin farzandlarimiz, shu jumladan, 840 mingdan ortiq qiz bolalar sportning 30 dan ziyod turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Nufuzli xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sportchilari erishayotgan g‘alabalar tobora ko‘payib bormoqda. 2014-yilda sportchilarimiz 849 ta medalni qo‘lga kiritdi, ularning 266 tasi oltin medallardir.
Bu haqda gapirganda, o‘tgan yilning kuzida Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan, 45 davlatdan 13 ming sportchi qatnashgan XVII Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 61 ta, jumladan, 12 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston terma jamoasi eng kuchli o‘nta mamlakat qatoridan joy olganini mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim. Sportchilarimiz ana shunday yutuqlari bilan Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etishga munosib hissa qo‘shdilar va ularning qo‘lga kiritgan marralari bilan har qancha faxrlansak arziydi, albatta.
Izoh (0)