16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi:
Aholi bandligini ta’minlash, avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratish ijtimoiy siyosatimizning eng muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilash, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni taraqqiy ettirishni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish natijasida 2014-yilda mamlakatimizda 1 millionga yaqin ish o‘rni tashkil etildi. Ularning 60 foizi qishloq joylarda yaratilgani ayniqsa e’tiborlidir.
O‘tgan yilda mamlakatimiz ta’lim muassasalarining 600 mingdan ziyod bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi. Shunisi quvonarliki, yoshlarimizning aksariyat katta qismi o‘z kelajagini kichik biznesda ko‘rmoqda.
O‘zingiz o‘ylang, bir yilning o‘zida shuncha yoshlarimizni, o‘zimizning farzandlarimizni hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun sharoit yaratib, qo‘llab-quvvatlaganimiz – bu bizning eng katta yutug‘imiz emasmi?
Biz o‘tgan davrda amalga oshirgan ishlarimizga baho berar ekanmiz, “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savol asosida ularning mohiyati va ahamiyatini o‘zimizga chuqur tasavvur etamiz. Ayni vaqtida “Ertaga kim bo‘lishimiz, qanday yangi, yuksak marralarni egallashimiz kerak?” degan savol ustida o‘ylashimiz, nafaqat o‘ylashimiz, balki amaliy ishlarimiz bilan bunga javob berishimiz lozim.
Bu borada, ish beruvchilar va o‘quvchilarni keng jalb etgan holda, mehnat yarmarkalari, biznes g‘oyalar tanlovlari o‘tkazilayotgani hamda ularning g‘oliblariga o‘z xususiy ishini boshlash imkonini beradigan imtiyozli kreditlar ajratilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga qariyb 200 milliard so‘mlik imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. Bu 2013-yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.
Izoh (0)