16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning bank tizimidagi islohotlariga e’tibor qaratdi.
Bank tizimidagi islohotlar iqtisodiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda eng muhim omil bo‘ldi. Buning natijasida tijorat banklarining jami kapitali 25 foizga oshdi. Bank tizimining mustahkamlanishi 2014-yilda Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasini 12 foizdan 10 foizga, tijorat banklarining kreditlar bo‘yicha foiz stavkasini ham shunga mos ravishda kamaytirish uchun zarur imkoniyatlar tug‘dirdi.Banklar tomonidan faqat ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan kreditlar hajmi 2013-yilga nisbatan 1,2 barobar, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratilgan kreditlar esa 1,3-martadan ziyod oshdi.
So‘nggi yillar davomida “Mudis”, “Standart end Purs” va “Fitch reytings” kabi yetakchi reyting agentliklari O‘zbekiston bank tizimi faoliyatini “barqaror” deb baholamoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, agar 2011-yilda mamlakatimizning 13 ta tijorat banki yuqori reyting baholariga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda respublikamizning barcha 26 ta banki ana shunday bahoga loyiq ko‘rildi.
Izoh (0)