Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi “Obodon” suv iste’molchilari uyushmasining 2007-yil 4-yanvardagi tegishli buyrug‘i bilan xodim mirob vazifasidan ozod qilingan edi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudining 2014-yil 24-apreldagi hal qiluvchi qaroriga ko‘ra, “Obodon” suv iste’molchilari uyushmasining 2007-yil 4-yanvardagi tegishli buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topilib, bekor qilinadi. O‘z o‘rnida xodimning mirob vazifasiga tiklanishi belgilanadi.
So‘ngra, ushbu ijro hujjati Sho‘rchi tuman sud ijrochilarining ish yurituviga olinib, ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilinib, “Obodon” SIU boshlig‘iga taqdim etilgan. Biroq, uyushma rahbari ijro hujjati talabini bajarmaganligi sababli Sho‘rchi tumani sud ijrochilari bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Shu bilan birga, “Obodon” SIU boshlig‘i sud hujjatini ijro qilmagan taqdirda, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi. Ammo o‘z bilganidan qolmagan boshliq bu masalaga panja orasidan qarab, mansabini suiste’mol qilib xodimni ishga qaytarmaydi.
Mazkur holat bo‘yicha Sho‘rchi tuman prokuraturasi tomonidan uyushma boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va lavozimidan chetlashtirilib, javobgarlik masalasi hal qilindi. Shu tariqa qo‘l ostidagi xodimlarni nazar-pisand qilmagan o‘zboshimcha boshliqning ish faoliyati yakun topdi.
Izoh (0)