16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov boshqargan majlisda Komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.
Markaziy saylov komissiyasining avvalgi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 9 va 14-moddalariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
Komissiyaning navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tuzish va ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ta’kidlanganidek, okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining joriy yil 13-14 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan majlislarida muhokama qilinganidan so‘ng Markaziy saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etildi. Okrug saylov komissiyalarining a’zolari jamoatchilikning obro‘li vakillari orasidan tanlab olingan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh (0)