2015-yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining II Plenumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Unda partiya Siyosiy Kengashi, Markaziy Taftish komissiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, partiya faxriylari va faollari, mahalliy Kengash deputatlari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Plenumda dastlab “O‘zbekiston “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishtiroki to‘g‘risida”gi masala muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2014-yil 26-dekabrdagi Qaroriga asosan joriy yilning 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov belgilangan. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar. Shunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasining asosiy tadbirlari dasturi qabul qilingan.
O‘zbekiston “Adolat” SDPning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosib ishtirok etishi masalasi Plenum ishtirokchilari tomonidan chuqur muhokama qilindi. Muhokama jarayonida Plenum ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qatnashish maqsadida tayyorgarlik ishlarini kuchaytirish, Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim qilish, partiyaning oliy organi – Qurultoy chaqirish kabi masalalarga to‘xtalib o‘tishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish “Adolat” SDP uchun mamlakat siyosiy maydonida yanada chiniqish, tajriba orttirish, shu bilan birga, ko‘ppartiyaviy sharoitida boshqa partiyalar bilan siyosiy raqobatga kirishish borasida katta maktab vazifasini o‘tashi qayd etildi.
Muhokamalar yakunida O‘zbekiston “Adolat” SDPning dasturiy maqsadlarini ro‘yobga chiqarish hamda o‘z elektorati oldida partiya zimmasida turgan vazifalardan kelib chiqib, partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb topildi.
Plenumda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodi to‘g‘risidagi masala ham ishtirokchilar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Partiyadan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi rahbari Umarov Nariman Madjitovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod sifatida taklif qilindi. Mazkur taklif Plenumning barcha ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Partiyaning Ustaviga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga Partiya tomonidan nomzod ko‘rsatish Partiya Qurultoyi tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu munosabat bilan O‘zbekiston “Adolat” SDPning VII Qurultoyi 2015-yilning 10-fevral kuni Toshkent shahrida chaqirilishi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovda O‘zbekiston “Adolat” SDPdan ko‘rsatiladigan nomzodning targ‘ibot-tashviqot ishlarini munosib ravishda, yuqori saviyada o‘tkazilishi ta’minlash yuzasidan Plenum ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shuningdek, Plenum kun tartibidagi “2014-yil 21-dekabr hamda 2015-yil 4-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda hududiy Kengashlarga o‘tkazilgan saylov kampaniyasi natijalari to‘g‘risida”gi masala yuzasidan Narimon Umarovning ma’ruzasi tinglandi.
Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)