Yoshlar madaniyat va san’at markazi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi ko‘magida “Yil qo‘shig‘i−2014” teleloyihasining yakuniy bosqichini o‘tkazish sanasini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Today.
Teleloyiha 29−30-yanvar kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadigan gala-konsert bilan yakunlanadi. Unda estrada yulduzlari o‘tgan 2014-yilning xit qo‘shiqlarni ijro etishadi. Bu chiqishlar teleloyiha jarayonida nomzod asarlarni tanlashning so‘nggi bosqichi hisoblanadi.
Buning uchun “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va mamlakatdagi FM radiostansiyalari Yoshlar madaniyat va san’at markaziga 50 dan ortiq ijodkorlarning 100 ga yaqin qo‘shiqlari taqdim etgan bo‘lib, ushbu qo‘shiqlar radiotinglovchilar tomonidan o‘tgan yil davomida ko‘proq qo‘yilishi iltimos qilingan.
Natijada, radiotinglovchilar fikri inobatga olingan holda eng yaxshi 20 ta qo‘shiq tanlab olinadi. Har bir eng yaxshi qo‘shiq ijrochisi haykalcha bilan taqdirlansa, uning bastakori va shoiri diplomni qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)