Har qanday ota-ona o‘z farzandini sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashni, uning baxt-u iqbolini ko‘rishni istaydi. Buning uchun bola ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratadi, deb qayd etadi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Yoshlarni turli tahdidlardan asrash, ularni hech kimdan kam bo‘lmagan avlod sifatida tarbiyalash muhim vazifalardan biridir. Xususan, yoshlarning ma’naviy olamini bolalikdan boshlab ezgu g‘oyalar asosida shakllantirish va kamol toptirishda qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlarning o‘rni beqiyos. Prezident Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, o‘yinchoqlar obrazi bolaning murg‘ak tasavvuriga bamisoli toshga o‘yilgan naqshdek muhrlanib, uning ongida bir umr saqlanib qoladi. Go‘dakning ulg‘ayib, kasb tanlashi, kelajakda qanday yo‘ldan borishi, o‘zining hayot tarzini qanday axloqiy-ma’naviy asoslarga qurishi ham, hech shubhasiz, uning bolalikda qanday o‘yinchoqlar bilan oshno bo‘lib o‘sgani bilan belgilanadi.
O‘zbekistonda milliy qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xususan, hunarmandlarni bu borada rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bolalar salomatligi, ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, sanitariya-gigiena talablariga javob bermaydigan, sifatsiz o‘yinchoqlar O‘zbekiston hududiga noqonuniy yo‘llar orqali kirib kelishining oldi olinmoqda. Biroq milliy mentalitetga zid o‘yinchoq va qo‘g‘irchoqlar O‘zbekiston bozorlariga kontrabanda yo‘li bilan, oz miqdorda bo‘lsa-da, kirib kelmoqda. Ular turli yot g‘oyalar, ma’naviy va mafkuraviy tahdidlar, “ommaviy madaniyat”ni targ‘ib etishi bilan ham xavflidir.
Soha mutaxassislari, ota-onalar o‘yinchoq ishlab chiqarishda ko‘proq milliy-ma’naviy merosga, xalq og‘zaki ijodiga murojaat etish kerakligini ta’kidlaydi. Zero, O‘zbekiston qizlari mini yubka kiygan “Barbi” bilan emas, uzun atlas ko‘ylakli Barchinoylar bilan do‘stlashsa, o‘g‘il bolalar xorijiy avtomarkalarni emas, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomashina o‘yinchoqlarini o‘ynasa, haqiqiy millat qahramonlarini bilsa, ularda vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada teranroq shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
“Bola qalbi misoli yozilmagan oq qog‘oz, — dedi psixolog Shirin Mustafoyeva. — Uning ilk taassurotidagi narsa bir umr yodidan chiqmaydi. Ilmiy xulosalarga ko‘ra, inson butun umri davomida oladigan barcha ma’lumotning 70 foizini besh yoshgacha qabul qilar ekan. Ilk hayotiy tasavvurlar, inson tafakkurida poydevor bo‘luvchi tushunchalar bolalar ongiga aynan shu paytda singadi. Demak, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning turli o‘yinchoqlardan olgan taassurotlari ham uzoq muddat ularning ongida saqlanib qoladi. Xorijda ishlab chiqarilgan, bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlar bola ongi tafakkuriga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Shu bois milliy qahramonlarimiz ifoda etilgan qo‘g‘irchoqlarni ishlab chiqarishni kengaytirish yosh avlod kamolotiga xizmat qiladi”.
Qo‘qonlik hunarmand Shohsanam Xudoyberdiyeva milliy qo‘g‘irchoqlar yasashning mohir ustasi. U tayyorlagan qo‘g‘irchoqlarni bolajonlar sevib o‘ynaydi. Milliy mato, oddiy va zararsiz buyumlardan tayyorlanayotgan bu qo‘g‘irchoqlar bola sog‘lig‘i va ma’naviy olamida muhim o‘rin tutadi.
“So‘z farzand salomatligi, uning kamoli xususida ketar ekan, bu ishga nihoyatda katta e’tibor va mas’uliyat bilan yondashmoq lozim, — dedi Sh. Xudoyberdiyeva. —Qo‘g‘irchoqlarni yaratish chog‘ida, avvalo, uning milliyligiga, nafis ko‘rinishiga, liboslarning va unda ishlatiladigan bo‘yoqlarning sifatiga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiqdir. Farzandlarimiz tajovuzkor, g‘arbona o‘yinchoqlar bilan emas, aksincha, ichki kechinmalari yuzida aks etib, ibo-hayo, milliylik nafasi ufurib turgan, insoniy tuyg‘ular ifodalangan sharqona qo‘g‘irchoqlar bilan do‘st bo‘lishini istardim”.
Izoh (0)