15-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni komissiya raisi M. Abdusalomov olib bordi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 58-moddasiga hamda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 5-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga 2015-yil 13−14-yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan saylov natijalari ko‘rib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi majlisida ta’kidlanganidek, davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash bo‘yicha qo‘shma majlislari saylov qonunchiligi talablariga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirokida, ochiq va oshkora o‘tdi. Qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq biror-bir holat qayd etilmadi.
Senat a’zoligiga nomzodlar mahalliy Kengashlarning davlat va jamiyat faoliyatida katta amaliy tajribaga ega hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li deputatlari orasidan Oqsoqollar kengashlari tomonidan ko‘rsatildi.
Yashirin ovoz berish natijasida Senat a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tuman va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari orasidan saylandi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olindi.
Izoh (0)