Facebook o‘z saytining biznes uchun mo‘ljallangan yangi Facebook at Work ijtimoiy tarmog‘ining ilk suratlarini namoyish etdi. Bu haqda TechCrunch nashriga tayanib, “Kun.uz” xabar berdi.
Facebook nashrga ma’lumot berishicha, yangi ijtimoiy tarmoq Facebook’ning hamkorlari hisoblangan chekli miqdordagi kompaniyalar orasida sinov tariqasida ilk bor ishga tushiriladi. Bu kompaniyalar iOS va Android operatsion tizimi ostida ishlovchi Work nomi bilan atalgan dasturga va saytning yangi maxsus yaratilgan versiyasiga kira olishi mumkin bo‘ladi. Sinovlar natijalariga ko‘ra, Facebook dasturga zarur qo‘shimchalarni qo‘shib, uni tarmoqda ochiq foydalanishga qo‘yadi.
Kompaniyada ta’kidlashlaricha, bu yangi dastur korporativ aloqani amalga oshirish va ishni tashkil qilish uchun moslashtirilgan Facebook’ning barcha asosiy funksiyalariga ega bo‘ladi. Bu yangi dasturga Facebook kompaniyasi ichida xodimlar o‘zaro muloqot qilishi uchun yaratilgan dastur asos qilib olingan. Dasturga alohida boshqa login yoki Facebook’da mavjud akkaunt orqali kirish mumkin bo‘ladi.
Dasturda hujjatlarni yuklash yoki saqlash mumkin bo‘ladi, biroq ularni tahrir qilib bo‘lmaydi. Foydalanuvchi Facebook korporativ versiyasidagi postlar va statuslarga o‘zining oddiy akkaunti orqali havola berishi mumkin bo‘ladi, biroq ular o‘zaro kesishmaydi: biridagi kontent ikkinchisiga ko‘chirib o‘tkazilmaydi.
Kompaniyada hozircha u qanday qilib tarqatilishi haqida biror qarorga kelinmadi: yo dasturning pullik varianti bo‘ladi yoki u boshidan pullik bo‘ladi. Hozirgi vaqtda dastur bepul tarqatilmoqda, unda reklama berilmagan, biroq vaziyat o‘zgarishi mumkin, deb ta’kidlanmoqda kompaniyada.
Izoh (0)